
Bugun, 29-aprel kuni Markaziy bank asosiy stavkani yana o‘zgartirmay, 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator matbuot xizmati ma’lum qildi.
«Umumiy inflyatsiya pasayishda davom etib, yil yakuniga prognozlarga koʻra 6,5 foizgacha sekinlashishi kutilmoqda. Shu bilan birga, narxlarning barqarorlashuv jarayonlari sustlashib, bunga ta’sir koʻrsatuvchi tashqi omillarning kuchayishi kuzatilmoqda.
Iqtisodiy faollikning jadallashuvi, yuqori yalpi talab va tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar fonida inflyatsiyani 5 foizlik target darajasiga barqaror pasaytirish maqsadida qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirish lozim deb topildi», – deyiladi xabarda.
2026-yil mart oyida umumiy inflyatsiya prognoz doirasida yillik 7,1 foizgacha pasaydi. Ushbu pasayish, asosan, ayrim tovarlar boʻyicha oʻtgan yilgi yuqori baza taʼsirlari chiqib ketishi hisobiga shakllandi. Bazaviy inflyatsiya 5,7 foizni tashkil etdi. 2026-yil yakunlari boʻyicha esa umumiy inflyatsiya 6,5 foiz atrofida shakllanishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, narxlarning pasayish sur’ati sekinlashgan. Tashqi bozorlarda neft va oziq-ovqat narxlarining oshishi xavfi saqlanib qolmoqda. Bu esa import orqali ichki inflyatsiyaga bosim o‘tkazishi mumkin.
Iqtisodiy faollik yuqori darajada qolmoqda. 2026-yil birinchi choragida YIM 8,7 foizga o‘sdi. Shu sababli yil yakuni bo‘yicha iqtisodiy o‘sish prognozi 7 – 7,5 foizgacha oshirildi.
Markaziy bank inflyatsiyani 5 foizlik maqsadga tushirish uchun qat’iy pul-kredit siyosatini davom ettiradi. Zarurat tug‘ilsa, sharoitlar yanada qat’iylashtirilishi mumkin.
Regulyatorning keyingi yig‘ilishi 2026-yil 17-iyun kuni o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, 18-mart kuni ham Markaziy bank asosiy stavkani o‘zgartirmay, 14 foiz darajasida saqlab qolish haqida qaror qabul qilgandi.