
Bolgariya poytaxti Sofiya shahrida qurilish sohasida 50 ta ish o‘rni uchun mehnat imkoniyati e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
«Job bridge» xususiy bandlik agentligi ma’lumotiga ko‘ra, ish beruvchi Bolgariyaning Sofiya shahrida qurilish sohasida mutaxassislarni ishga jalb etishni rejalashtirmoqda. Mehnat shartnomasi kamida 1 yil muddatga tuziladi. Ish haftasiga 5 kunlik jadval asosida tashkil qilinadi. Taklif etilayotgan oylik maosh ish hajmiga qarab $1300 – $2500 ni tashkil qiladi.
Mazkur ish o‘rinlari qurilish sohasining turli yo‘nalishlarini qamrab oladi. Xususan, armaturachi, betonchi, bo‘yoqchi, elektrik, kafelchi, duradgor hamda otdelkachi kabi mutaxassislar uchun bo‘sh ish o‘rinlari mavjud. Nomzodlardan rus tilida muloqot qila olish, 20 – 45 yosh oralig‘ida bo‘lish hamda qurilish sohasida tajribaga ega bo‘lish talab etiladi.
Agentlik tomonidan ishga joylashish jarayonida hujjatlarni tayyorlash, ish beruvchi bilan rasmiy mehnat shartnomasini tuzish hamda safar oldi tayyorgarlik ishlari bo‘yicha ko‘mak ko‘rsatiladi. Ro‘yxatdan o‘tish jarayoni onlayn shaklda amalga oshiriladi, shuningdek, agentlikning aloqa manzillari orqali qo‘shimcha ma’lumot olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonliklar Rossiyadan boshqa qayerlarda ishlashi mumkinligi haqida yozgan edik.