Yangiliklar

Qamchibek Tashiyevga yangi ayblov qo‘yildi

Hozircha ayblov tafsilotlari ochiqlanmayapti
Qamchibek Tashiyevga yangi ayblov qo‘yildi
Foto: gov.kg

Qirg‘izistonda davlat to‘ntarishiga urinish bilan bog‘liq ish doirasida Qamchibek Tashiyevga yangi ayblov qo‘yildi. Bu haqda mahalliy 24.kg nashri xabar bermoqda.

Advokat ma’lumotiga ko‘ra, sobiq maxsus xizmat rahbari Qamchibek Tashiyev, sobiq deputat Qurmanqulu Zulushev hamda parlament sobiq spikeri Nurlanbek Shakiyevga ayblov qo‘yilgan. Ular ommaviy tartibsizliklarni tashkil etish va tergov tomonidan davlat to‘ntarishiga urinish sifatida baholanayotgan harakatlarda gumon qilinmoqda.

Huquq-tartibot organlaridagi manbalarga ko‘ra, uchala shaxs Ichki ishlar vazirligining bosh tergov boshqarmasida bir necha soat davomida so‘roq qilingan. Shundan so‘ng ular binoni tark etgan. Hozircha ayblov tafsilotlari ochiqlanmayapti.

Mazkur ishning boshlanishiga 2026-yil fevral oyida 75 nafar fuqaro tomonidan prezident Sadir Japarov nomiga yo‘llangan murojaat sabab bo‘lgan. Unda muddatidan oldin prezident saylovlarini o‘tkazish taklif qilingan. Shundan so‘ng siyosiy tizimda keskin o‘zgarishlar yuz berdi. Tashiyev lavozimidan olinib, maxsus xizmatlar tizimi qayta tashkil etildi.

Shakiyev spikerlikdan va deputatlikdan voz kechdi. Zulushev ham mandatini topshirdi. Maktub mualliflarining bir qismi hibsda ekani aytilmoqda. Prezident Japarov Tashiyev murojaat mualliflari bilan uchrashganini rad etganini, biroq endi davlat lavozimiga qaytmasligini bildirgan. Shu bilan birga, Konstitutsiyaviy sud prezident saylovlari 2027-yil yanvarda reja asosida o‘tishini tasdiqladi.

Jamiyatda esa bu ish bo‘yicha turli fikrlar mavjud. Ayrimlar Tashiyev davlat to‘ntarishini rejalashtirganiga ishonmayapti. Ular uning avvalgi faoliyatini inobatga olib, bunday ssenariy ehtimolini past baholamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qamchibek Tashiyev Futbol ittifoqi rahbarligidan o‘z ixtiyori bilan ketgani haqida yozgan edi.