Yangiliklar

Rossiyada o‘zbekistonlik yuk tashuvchi haydovchilarning bo‘lish muddati uzaytirildi

Bir kalendar yili davomida
Rossiyada o‘zbekistonlik yuk tashuvchi haydovchilarning bo‘lish muddati uzaytirildi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

Rossiyada xalqaro, jumladan, o‘zbekistonlik yuk tashuvchi haydovchilarning bo‘lish muddati 180 kungacha uzaytirildi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Rossiya hukumati xalqaro yuk tashuvchi haydovchilar uchun mamlakatda vaqtincha bo‘lish tartibini soddalashtirishga qaratilgan yangi qaror qabul qildi. Qarorga muvofiq, Rossiyada vaqtincha bo‘lish muddati bir kalendar yili davomida jami 180 kungacha oshirildi.

Yangi tartib MDHga a’zo davlatlar hamda Gruziya fuqarolariga taalluqli hisoblanadi. Unga ko‘ra, vizasiz tartibda Rossiyaga kirib kelayotgan va xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirayotgan haydovchilar belgilangan tartibda ariza taqdim etgan holda mamlakatda bir yil ichida jami 180 kungacha bo‘lishi mumkin.

Qarorda ushbu o‘zgarishlar 2026-yil 30-iyundan boshlab kuchga kirishi belgilangan. Tegishli hujjat 2026-yil 27-aprelda qabul qilingan 467-sonli hukumat qaroriga asoslanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda avtomobil orqali xalqaro yuk va yo‘lovchi tashishga ruxsatnomalar berish tartibi joriy etilgan edi.