Yangiliklar

Teylor Svift sun’iy intellektdan himoyalanish uchun o‘z ovozini patentlamoqda

Pop-yulduz o‘zining ovozli xabarlari va qiyofasini savdo belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazdi
Foto: The Times

AQShlik pop-yulduz Teylor Svift sun’iy intellekt tomonidan yaratiladigan soxta kontentlardan himoyalanish maqsadida AQSh Patent va savdo belgilari idorasiga arizalar topshirdi. Murojaat xonandaning ikkita ovozli xabarini va qiyofasini himoya qilishga qaratilgan. Bu haqda CNN xabar bermoqda.

Huquqshunos Josh Gerbenning ta’kidlashicha, ushbu arizalar xonandani sun’iy intellekt xavfidan asrash uchun maxsus ishlab chiqilgan. Bugungi kunda sun’iy intellekt vositalari taniqli ijrochilarning ishtirokisiz ularning realistik videolarini yaratayotgani va striming platformalarini raqamli musiqa bilan to‘ldirayotgani ko‘ngilochar sanoat uchun jiddiy muammoga aylanmoqda.

Foto: BBC

Teylor Sviftning arizalari unga tegishli bo‘lgan TAS Rights Management kompaniyasi nomidan topshirilgan bo‘lib, ular savdo belgilarini himoya qilishning kamroq ma’lum bo‘lgan toifasi ovozli belgilarni o‘z ichiga oladi.

«Salom, bu Teylor Svift va siz mening yangi The Life of a Showgirl albomimni Amazon Music Unlimited’da talabga binoan tinglashingiz mumkin», — dedi Teylor Svift ro‘yxatga olingan ovozli xabarlarning birida.

Jahon Intellektual Mulk Tashkiloti vakili Letisiya Kamineroning qayd etishicha, Svift o‘z brendini mustahkamlash uchun faqatgina AQShning o‘zida 300 dan ortiq shunday arizalar topshirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Teylor Svift 2024-yilning eng mashhur ijrochisi bo‘lgani haqida xabar bergan edi.