
Yevroparlament Yevropa Ittifoqining uzoq muddatli budjetini qariyb 200 mlrd yevroga oshirishni talab qildi. Bu 2028 – 2034-yillar davrini qamrab oladi, deya xabar bermoqda Euronews.
Deputatlar umumiy budjetni taxminan 10 foizga kengaytirishni taklif qilmoqda. Shuningdek, ular Yevropa darajasida yangi soliqlar joriy etishni ham ilgari surdi. Parlament bu pozitsiyani ko‘pchilik ovoz bilan qabul qildi. Biroq u a’zo davlatlar bilan keskin muzokaralarga olib kelishi kutilmoqda. Chunki ko‘plab davlatlar o‘z badallarini oshirishga qarshi.
Yangi budjet bo‘yicha yakuniy qaror Yevroparlament va 27 ta a’zo davlat tomonidan birgalikda tasdiqlanishi kerak. Muzokaralar murakkab kechishi prognoz qilinmoqda. Taklifga ko‘ra, qo‘shimcha mablag‘lar innovatsiya, raqobatbardoshlik va tashqi siyosat yo‘nalishlariga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, parlament budjetni qisqartirishga rozi emasligini qat’iy bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qirg‘iziston Yevropa Ittifoqining sanksiyalariga munosabat bildirgani haqida yozgan edi.