Yangiliklar

AQSHning Eron bilan urushiga 25 mlrd dollar sarflandi

Xarajatlarning asosiy qismi o‘q-dorilarga to‘g‘ri kelgan
AQSHning Eron bilan urushiga 25 mlrd dollar sarflandi
Foto: Shutterstock

AQSHning Eron bilan davom etayotgan harbiy amaliyoti ikki oy ichida $25 mlrdga tushdi. Pentagon urush xarajatlari to‘g‘risida ilk bor ma’lumotlarni ochiqladi, deb yozmoqda Politico.

Nashrga ko‘ra, xarajatlarning asosiy qismi o‘q-dorilarga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, texnikadan foydalanish, xizmat ko‘rsatish va uskunalarni yangilashga ham katta mablag‘ sarflangan.

Pentagon nazoratchisi vazifasini bajaruvchi Jules Hurstning aytishicha, urushning birinchi haftasining o‘zi taxminan $11 mlrdga tushgan. Ayni paytda ma’muriyat qo‘shimcha moliyalashtirish masalasini muhokama qilmoqda. Hukumat $200 mlrdgacha qo‘shimcha mablag‘ so‘rash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu mablag‘lar urush xarajatlarini qoplash va qurol-yarog‘ni to‘ldirishga yo‘naltirilishi mumkin.

Biroq rasmiylar hali aniq summa bo‘yicha kelishuvga kelmaganini ta’kidlamoqda. Kutilishicha, Pentagon yaqin vaqt ichida qo‘shimcha moliyalashtirish bo‘yicha rasmiy so‘rov kiritadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Pentagon NATO ichida bosim choralarini muhokama qilayotgani haqda yozgan edi.