
2026-yilning mart oyida global aviatsiya bozorida yo‘lovchi tashish talabi yiliga 2,1% ga oshdi, yuk tashish hajmi esa 4,8% ga qisqardi. Bu haqda Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Xalqaro yo‘lovchi tashuvlari 2021-yildan beri ilk bor pasayib, 0,6% ga kamaydi, biroq ichki yo‘nalishlardagi tashuvlar 6,5% ga o‘sgan. Yaqin Sharq aviakompaniyalarida ko‘rsatkichlar 60,8% ga keskin qisqargan. Shu bilan birga, inqirozli mintaqani chetlab o‘tuvchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar hisobiga Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi yo‘lovchi oqimi 29,3% ga oshdi.
Shuningdek, aviayonilg‘i narxlari yiliga 106,6% ga ko‘tarilib, soha uchun asosiy xavflardan biri bo‘lib qolmoqda. Yuk tashish segmentida talab 4,8% ga, sig‘im esa 4,7% ga qisqardi. Eng kuchsiz dinamika Yaqin Sharqda (-54,3%) qayd etilgan. Bunga qaramay, Afrika (+7,0%) va Osiyo-Tinch okeani mintaqalarida (+5,4%) o‘sish saqlanib qoldi. Xususan, Afrika va Osiyo yo‘nalishida yuk tashish 22,6% ga ko‘paygan.
IATA bosh direktori Uilliy Uolsh mintaqadagi vaziyat global o‘sishni cheklayotganini ta’kidladi.
«Yaqin Sharqdagi uzilishlarga qaramay, talab o‘sishda davom etmoqda. Yaqin oylarda soha barqarorligi yonilg‘i ta’minoti va narxlariga bog‘liq bo‘ladi», — dedi Uolsh.
Geosiyosiy keskinlik va asosiy xablardagi muammolar yuk tashish tarmog‘iga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan.
«Shunga qaramay, soha global yetkazib berish zanjirlarini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur moslashuvchanlikni saqlab qolmoqda», — deb xulosa qildi tashkilot rahbari.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan American Airlines va United aksiyalari keskin tushgani haqida xabar bergan edi.