
Jahon bozorida Brent neft fyucherslari bir barrel uchun $121 dan yuqoriga chiqdi. Reuters ma’lumotiga ko‘ra, bozorlardagi keskinlik Yaqin Sharqdagi vaziyat bilan bog‘liq.
Mojaro cho‘zilib bormoqda. Donald Tramp Eronni tezroq kelishuvga kelishiga chaqirgan. Biroq Tehron pozitsiyasini o‘zgartirish niyatida emas. Bu esa muzokaralar to‘liq to‘xtab qolganini ko‘rsatmoqda.
Tramp Axios nashriga bergan intervyusida Hormuz bo‘g‘ozidagi harbiy blokada saqlanishini aytdi. U Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvga erishmaguncha bu chora bekor qilinmasligini ta’kidlagan. Tahlillarga ko‘ra, urush boshlanganidan beri jahon neft bozori taxminan $50 mlrdlik ta’minotni yo‘qotgan. AQSHda ham taklif qisqarishi kuzatilmoqda.

Bloomberg yozishicha, Eron bo‘g‘ozni uzoq muddat yopiq ushlab tura olmaydi. Bu uning o‘z neft eksportini ham kamaytiradi. Zaxira omborlari tez to‘lib bormoqda.
Kpler baholashicha, Erondagi zaxiralar taxminan 22 kunga yetadi. Agar omborlar to‘lsa, qazib olishni to‘xtatishga to‘g‘ri keladi. Bu esa konlarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Eron – AQSh mojarosi fonida neft narxlari yana oshgani haqida yozgan edi.