
Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida $3 ming olgan kadastr bo‘limi rahbari ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.
Ma’lumotga ko‘ra, mansabdor fuqaroga uy-joy va dehqonchilik uchun 25 sotix yer ajratib berishni va’da qilgan. Evaziga u 2024-yilda $3 mingni qo‘lga kiritgan. Shubhani yashirish uchun u go‘yoki «Sharxoncheki» MFY hududidan 8 sotix yer ajratilgani haqida qaror borligini aytgan.
Tezkor tadbir davomida kadastr bo‘limi xodimi rahbar topshirig‘i bilan pullarni qaytarayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining firibgarlikka oid moddasi bilan ish qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Buxoro va Surxondaryoda salkam 13 kg «opiy» musodara qilingani haqida yozgan edi.