
Joriy yil 50 nafar o‘zbekistonlik Fransiyada mavsumiy mehnatga jalb qilinadi. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, har ikki tomon qishloq xo‘jaligi sohasida FNSEA bilan kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Fransiyada uzumzorlarda mavsumiy ishlarga jalb qilinadi. Joriy yil yozidan pilot loyiha boshlanadi. Dastlab 50 nafar nomzod ishga yuborilishi rejalashtirilgan.

Kadrlar tayyorlash va ishga joylashtirish yo‘nalishida Sélect Recruiting Service bilan ham bitim imzolandi. Ushbu hamkorlik doirasida nomzodlarni saralash va ularni ish bilan ta’minlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Ta’lim va ish integratsiyasi bo‘yicha CFA AC Paris bilan «ta’lim va ish» formatida dastur ishlab chiqiladi. U restoran sohasida o‘qish hamda ishlash imkoniyatini yaratadi.
Kelishuvlarni amalga oshirish masalalari Fransiya davlat idoralari bilan ham muhokama qilindi. Jumladan, France Travail, CCI Île-de-France va AP-HP bilan muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar mehnat migratsiyasini qonuniy asosda tashkil etish va o‘zbekistonliklarni Fransiyada barqaror ish bilan ta’minlashga kelishib olgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Bolgariya qurilish sohasida ish o‘rinlari taklif etgani haqida yozgan edi.