
Meta Platforms 2026-yil uchun kapital xarajatlar prognozi oshirilganini e’lon qildi. Yangi prognoz $125 mlrddan $145 mlrdgacha bo‘lib, avvalgi $115 – 135 mlrd diapazonidan yuqori, deya xabar bermoqda Oninvest.
Kompaniya bu qarorni komponentlar narxi oshishi va data-markazlar qurilishi xarajatlari ko‘paygani bilan izohladi. Biroq bu yangilik investorlarni xavotirga soldi. Hisobot e’lon qilingach, Meta aksiyalari postmarketda 6 foizdan ko‘proq arzonlashdi. Investorlar kompaniyaning sun’iy intellektga katta sarmoyalari o‘zini oqlamasligidan xavotirda.
Meta sun’iy intellekt infratuzilmasini rivojlantirish uchun Nvidia, AMD va Broadcom bilan milliardlab dollarlik kelishuvlar tuzgan. Shu bilan birga, bir nechta yirik data-markazlar qurilmoqda. Birinchi chorakda kapital xarajatlar $19,84 mlrdni tashkil etdi. Bu bozor kutgan $27,57 mlrddan past. Shunga qaramay, xarajatlar oshishi kelajakdagi moliyaviy bosimni kuchaytirishi mumkin.
Tahlilchilar fikricha, xarajatlar oshishi Meta uchun xavflarni kuchaytiradi. Kompaniyaning o‘z sun’iy intellekt mahsulotlari hozircha raqobatchilar darajasida foydalanuvchilarni jalb qila olmayapti. Shu bilan birga, ayrim ekspertlar xavotirlar ortiqcha bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Ularga ko‘ra, xarajatlar asosan chiplar qimmatlashgani bilan bog‘liq.
Meta bu chorakda aksiyalarni qayta sotib olish dasturini ham to‘xtatdi. 2025-yilda bu maqsadga $13 mlrd sarflangan edi. Kompaniya daromadlari o‘sishda davom etmoqda. Birinchi chorakda tushum $56,3 mlrdga yetdi. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 33 foizga ko‘p.
Sof foyda $26,8 mlrdni tashkil etdi. Bunda AQShdagi qonun o‘zgarishi tufayli $8 mlrdlik soliq imtiyozi ham hisobga olingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Meta kosmosdan quyosh energiyasi olish bo‘yicha yangi loyiha boshlagani haqida yozgan edi.