Yangiliklar

O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi savdo hajmi 1 mlrd dollarga yetkaziladi

Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlash markazi filiali tashkil etiladi
O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi savdo hajmi 1 mlrd dollarga yetkaziladi
Foto: prezident matbuot xizmati

O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi savdo hajmi $1 mlrdga yetkaziladi. Bu haqda Ko‘ksaroy qarorgohida Shavkat Mirziyoyev va Chexiya bosh vaziri Andrey Babish o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda ma’lum qilindi.

Unda tomonlar savdo hajmini oshirish va uni $1 mlrdga yetkazish vazifasini qo‘ydi. Shu maqsadda Chexiyada O‘zbekistonning birinchi sertifikatlash markazi filiali tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

Mashinasozlik, yashil energetika, geologiya, kimyo va farmatsevtika sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, «aqlli» shaharlar va raqamlashtirish yo‘nalishida hamkorlikni kuchaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Madaniy va ta’lim sohasida ham aloqalarni kengaytirish rejalashtirilmoqda. Ikki davlat poytaxtlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviareysni qayta tiklash masalasi ham muhokama qilindi.

Uchrashuv yakunida barcha kelishuvlarni amalga oshirish uchun qo‘shma «yo‘l xaritasi» ishlab chiqishga kelishildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Chexiya bosh vazirini rasmiy kutib olgani haqida xabar berilgandi.