Yangiliklar

O‘zbekistonda xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha platforma yaratiladi

MDH mamlakatlari ichida ilk marta
O‘zbekistonda xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha platforma yaratiladi / Foto: President.uz

O‘zbekistonda xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha integratsiyalashgan platforma yaratiladi. Bu haqda prezidentga taklif etilgan ekologik chora-tadbirlar taqdimotida ma’lum qilindi.

Taqdimotda sanitar tozalash tizimining qamrovi 88 foizga yetgani, poligonlar atrofini ko‘kalamzorlashtirish va ularning bir qismini faoliyatdan chiqarish ishlari bajarilgani qayd etildi. Joriy yilda qamrovni 90 foizga yetkazish, 18 ta poligonni rekultivatsiya qilish hamda 2030-yilgacha poligonlar sonini 50 foizga qisqartirish rejalashtirilgan.

Chiqindilarni qayta yuklash stansiyalarini qurish orqali logistika xarajatlarini kamaytirish va qayta ishlash hajmini oshirish muhim yo‘nalish sifatida belgilandi. 2026-yilda 28 ta, 2030-yilgacha esa 70 ta stansiya qurilishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu bilan birga, maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaradigan 6 ta zavod qurilishi davom etmoqda bo‘lib, ular yiliga 3,6 mln tonna chiqindini qayta ishlab, 1,6 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha MDH hududida ilk integratsiyalashgan platforma yaratish, qurilish chiqindilarini raqamli nazorat qilish tizimini joriy etish hamda GPS orqali ularning harakatini kuzatish taklif etildi.

Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda ekologik turizmni rivojlantirish, ilmiy monitoring tizimlarini kuchaytirish va xalqaro ekologik ko‘rgazmalarni o‘tkazish bo‘yicha ham aniq vazifalar belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ekologik huquqbuzarliklar uchun javobgarlik qayta ko‘rib chiqilishi haqida yozgan edik.