
O‘zbekistonda investitsiya faoliyatini tartibga solish va bu yo‘nalishdagi shaffoflikni oshirish maqsadida pay fondlarining yagona reyestrini yuritish tartibi tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Mazkur hujjat pay fondlari reyestrini shakllantirish, yuritish, unga o‘zgartirish kiritish, shuningdek pay fondini reyestrdan chiqarish hamda undagi ma’lumotlarni taqdim etish tartibini belgilaydi.
Hujjatga ko‘ra, «Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida»gi qonunning 4-moddasida investitsiya faoliyatini amalga oshirish maqsadida ikki va undan ortiq investorlarning ishonchli boshqaruvga topshirilgan pul mablag‘lari yig‘indisi pay fondi sifatida e’tirof etiladi.
Shuningdek, pay fondi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan yagona reyestrga kiritilib, agentlikning rasmiy veb-saytida e’lon qilingan paytdan boshlab tashkil etilgan deb hisoblanadi. Bu tartib fondlar faoliyatining ochiqligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Pay fondini yagona reyestrga kiritish uchun fondning ishonchli boshqaruvchisi agentlikka ariza, pay fondini ishonchli boshqarish haqidagi shartnoma nusxasi va boshqa zarur hujjatlarni taqdim etishi lozim. Ariza kelib tushganidan so‘ng agentlik 7 ish kuni ichida pay fondini reyestrga kiritish bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorlar uchun imtiyoz va preferensiyalar yagona reyestri joriy etilishi haqida yozgan edik.