
Suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etganlik uchun subsidiya beriladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Yangi nizomga ko‘ra, subsidiya Davlat budjeti hisobidan beriladi. U qishloq xo‘jaligi mahsuloti turidan qat’iy nazar, har bir yer konturi uchun faqat bir marta ajratiladi. Subsidiya olish uchun talabgor ekin yerlarini konturlar kesimida Agroportalga kiritgan bo‘lishi kerak. Shundan so‘ng ariza elektron shaklda shu tizim orqali yuboriladi.
Arizaga quruvchi-pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma, loyiha hujjatlari va ishlar yakunlangani haqida dalolatnoma ilova qilinadi. Shuningdek, bajarilgan ishlar bo‘yicha konturlar joylashuvi aniq ko‘rsatilishi shart. Qarorga muvofiq, texnologiyalarni o‘z mablag‘i hisobidan joriy qilgan fermerlarga subsidiyaning 50 foizi oldindan to‘lab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Farg‘onada 7,4 ming gektar paxta va g‘alla maydonlari qisqartirilishi haqida yozgan edi.