
Zeekr o‘zining flagman Zeekr 9X modelini jahon bozoriga chiqarishni boshlaydi. CarNewsChina ma’lumotiga ko‘ra, eksport 2026-yil iyun oyidan start oladi.
Dastlab model Yaqin Sharq bozoriga chiqadi. Keyin uchinchi chorakda Markaziy Osiyoga kirib boradi. Yevropa bozoriga chiqish esa 2026-yil to‘rtinchi choragiga rejalashtirilgan. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil birinchi choragida 9X yetkazib berish hajmi 22 mingtaga yetgan. Umumiy sotuvlar esa 2025-yil sentabrdan buyon 50 mingtadan oshgan. Model Xitoyda yirik SUV segmentiga tegishli. Uning narxi 500 ming yuandan yuqori. O‘rtacha sotuv narxi 530 ming yuan atrofida, bu taxminan $73 mingga teng.

9X plug-in hybrid vehicle bo‘lib, uchta elektromotor va turbodvigatel kombinatsiyasiga ega. Umumiy quvvati 1 030 kVtga yetadi. Bir to‘ldirishda yurish masofasi 1 250 km atrofida. Bu model brendning birinchi gibrid SUV’i hisoblanadi. Ilgari kompaniya, asosan, to‘liq elektr modellar ishlab chiqargan.
8X modeli ham yuqori quvvatli segmentga qaratilgan. Unda uch motorli gibrid tizim bor. Quvvati 1 381 ot kuchiga teng. 0 dan 100 km/soatga chiqishi 2,96 soniyani tashkil etadi.
Kompaniya xalqaro bozorlarda faollikni oshirmoqda. 2026-yil uchun umumiy eksport rejasi 640 mingta avtomobilni tashkil qiladi. Bu yerda Zeekr brendi premium segmentda asosiy drayver bo‘lishi kutilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil birinchi choragida Zeekr Xitoyda 59,4 mingta avtomobil sotgan. Bu o‘tgan yildagiga nisbatan 48,3 foizga ko‘p. Brend ulushi esa 1,4 foizga yetgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Zeekr 8X avtomobili namoyish etilgani haqida yozgan edi.