Yangiliklar

Ayol tadbirkorlar uchun Germaniyada biznes hamkorlik dasturiga qabul boshlandi

Qabul 2026-yil 31-mayga qadar davom etadi
Ayol tadbirkorlar uchun Germaniyada biznes hamkorlik dasturiga qabul boshlandi / Foto: Hafiza Muxtorova / SI

O‘zbekistonda ayol tadbirkorlar uchun Germaniya bilan biznes aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan xalqaro dasturga qabul e’lon qilindi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi ma’lum qildi.

Germaniya–O‘zbekiston Ishbilarmonlik Hamkorligi Byurosi (DUWK Büro) tomonidan 2026-yil uchun «Partnering in Business with Germany» dasturiga ishtirokchilar tanlovi boshlandi. Dastur ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, rus tilidagi guruh shaklida tashkil etiladi. Ishtirokchilarning Germaniyada bo‘lish muddati 2026-yil 11-oktabrdan 30-oktabrgacha davom etadi.

Dastur doirasida ayol tadbirkorlarga Germaniya kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatish, qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, eksport-import shartnomalarini tuzish hamda xalqaro bozorlarda faoliyatni kengaytirish imkoniyatlari yaratiladi. Ishtirokchilar 6 hafta davomida O‘zbekistonda onlayn ta’lim oladi, so‘ng Germaniyada 3 haftalik amaliy dasturda qatnashadi.

Nomzodlar uchun oliy ma’lumotga ega bo‘lish, kamida 2 yil rahbarlik lavozimida ishlaganlik, umumiy ish staji kamida 5 yil bo‘lishi talab etiladi. Shuningdek, rus tilini erkin bilish, aniq biznes g‘oyaga ega bo‘lish va korxona nomidan muzokara olib borish vakolatiga ega bo‘lish zarur. Talablarga mos nomzodlar onlayn suhbatga taklif etiladi.

Dastur xarajatlarining bir qismi Germaniya Federal iqtisodiyot va energetika vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi. Xususan, viza uchun taklifnoma, tibbiy sug‘urta, yashash va B2B uchrashuvlar doirasidagi transport xarajatlari qoplanadi. Ishtirokchilar esa viza to‘lovi, xalqaro aviachipta va tashkiliy xizmatlar uchun xarajatlarni o‘z hisobidan amalga oshiradi.

Dasturda qatnashish uchun nomzodlar anketa, kooperatsiya loyihasi, texnik tavsif va potensial nemis hamkorlar ro‘yxatini tayyorlab, 2026-yil 31-mayga qadar elektron pochta orqali yuborishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya 2500 yevrogacha oylik bilan qurilish va sanoat sohasida ish o‘rinlari taklif etgan edi.