Yangiliklar

O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 2,7 foizga oshdi. Asosiy hamkorlar kim

2026-yilning yanvar-mart oylarida mamlakatimiz tashqi savdosi o‘tgan yilga nisbatan 2,7 foizga o‘sdi
Foto: Stat.uz

Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,7 foizga oshgan va $18 mlrdni tashkil etgan.

Hisobot davrida respublikamiz jahonning 170 dan ortiq davlati bilan faol savdo aloqalarini amalga oshirgan. Tashqi savdo aylanmasi tarkibini tahlil qilganda, joriy yilning dastlabki uch oyida eksport hajmi sezilarli darajada qisqargani, import esa tezkor sur’atlarda o‘sgani kuzatiladi.

Xususan, respublika eksporti $5,8 mlrdni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,3 foizga kam) tashkil etgan bo‘lsa, import ko‘rsatkichi 30,8 foizga oshib, umumiy hisobda $12,2 mlrdga yetgan.

Mamlakatning asosiy savdo hamkorlari qatorida hamon an’anaviy yirik iqtisodiyotlar yetakchilik qilmoqda. O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasining eng yuqori ulushi Xitoy (25,6 foiz) hamda Rossiya (18,2 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Keyingi o‘rinlarni Qozog‘iston (7,2 foiz), Turkiya (3,6 foiz) va Afg‘oniston (2,8 foiz) kabi davlatlar band etgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan yanvar oyida O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasi 5,8 mlrd dollarga yetgani haqida xabar bergan edi.