Yangiliklar

«Elektron retsept» tizimi bekor qilinmaydi — SSV

Vazirlik izohiga ko‘ra, muhokamaga qo‘yilgan hujjat tizimni bekor qilishni emas, balki uni joriy etish tartibini yangilashni nazarda tutadi
«Elektron retsept» tizimi bekor qilinmaydi — SSV
Foto: Unsplash

O‘zbekistonda «Elektron retsept» tizimi bekor qilinishi haqidagi xabarlar rad etildi. Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu ma’lumotlar noto‘g‘ri talqin qilinganini ma’lum qildi.

Vazirlik izohiga ko‘ra, muhokamaga qo‘yilgan hujjat tizimni bekor qilishni emas, balki uni joriy etish tartibini yangilashni nazarda tutadi. Avvalgi tartibda elektron retsept orqali beriladigan dori vositalari bosqichma-bosqich kengaytirilishi belgilangan edi.

Birinchi bosqichda antibiotiklar, sintetik antibakterial preparatlar va gormonal dorilar uchun elektron retsept majburiy qilib joriy etilgan. Endilikda esa tizimni yanada kengaytirish rejalashtirilmoqda.

Yangi loyiha doirasida Toshkent shahri hamda tajriba-sinov o‘tkazilayotgan 15 ta hududdagi barcha tibbiyot muassasalari va dorixonalarda retsept bilan beriladigan dorilar to‘liq elektron tizimga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Shu bilan birga, ayrim toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, narkotik va psixotrop vositalar, shuningdek, reimbersatsiya dasturiga oid dorilar bu tartibdan mustasno bo‘lib qoladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri o‘zbekistonliklarning 80 foizida COVID-19’ning Cicada shtammiga immunitet shakllangani haqida yozgan edi.