Yangiliklar

Oylik maosh 2500 yevro: Latviya o‘zbekistonlik elektriklarni ishga taklif qilmoqda

Nomzodlar 20–35 yosh oralig‘ida bo‘lishi lozim
Latviya
Latviya o‘zbekistonlik elektriklarni ishga taklif qilmoqda / Foto: OlezzoSimona / depositphotos.com

Xorijda ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar uchun Latviyada elektrik mutaxassisligi bo‘yicha yangi ish o‘rni e’lon qilindi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

Mazkur vakansiya Dhaef Global Recruitment xususiy bandlik agentligi tomonidan taklif etilmoqda. Ish beruvchi VSP Projects kompaniyasi poytaxt Riga shahrida joylashgan. Mehnat shartnomasi 1 yil muddatga tuziladi. Ish vaqti kuniga 8 soat, haftasiga 6 kunni tashkil etadi. Oylik maosh 2500 yevro miqdorida bo‘lib, yotoqxona ish beruvchi hisobidan ta’minlanadi, ovqatlanish esa nomzod hisobidan qoplanadi.

Nomzodlar uchun asosiy talablar sifatida 20–35 yosh oralig‘ida bo‘lish, o‘rta maxsus diplomga ega bo‘lish, elektromontaj ishlari va elektr sxemalarni o‘qish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lish hamda rus tilini kamida B2–C1 darajasida bilish talab etiladi. Tanlov jarayoni ish beruvchi bilan yuzma-yuz suhbat asosida amalga oshiriladi.

Agentlik tomonidan to‘lov asosida maslahat berish, hujjatlarni tayyorlash, ish beruvchi bilan mehnat shartnomasi tuzishda ko‘maklashish va safarni tashkil etish xizmatlari ko‘rsatiladi. Har bir nomzod Migratsiya agentligining «Xorijda ish» platformasida ro‘yxatdan o‘tishi shart.

Ma’lumot uchun, mehnat shartnomasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish beruvchi bilan tuziladi va agentlik ish beruvchi sifatida ishtirok etmaydi. Ishga joylashish ixtiyoriy asosda amalga oshiriladi hamda taqdim etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligi uchun agentlik ma’muriyati javobgar hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya 2500 yevrogacha oylik bilan qurilish va sanoat sohasida ish o‘rinlari taklif etgan edi.