
O‘zbekiston temir yo‘l transportini modernizatsiya qilish doirasida Chexiyaning Škoda Group kompaniyasi bilan 10 ta elektropoyezd xaridi bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, qiymati 120 mln yevro bo‘lgan shartnoma doirasida O‘zbekistonga 10 ta zamonaviy elektropoyezd yetkazib beriladi. Ushbu poyezdlar 1520 mm iz kengligiga moslashtirilgan bo‘lib, mintaqaviy temir yo‘l infratuzilmasi talablariga javob beradi.
Loyiha faqatgina transport vositalarini yetkazib berish bilan cheklanmaydi. Shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, texnik xizmat ko‘rsatish uchun qo‘shma korxona tashkil etish hamda Škoda akademiyasini ochish rejalashtirilgan.

Ma’lumot uchun, 30-aprel kuni Toshkentda O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi bosh vaziri Andrey Babish Kengaytirilgan hamkorlikni ilgari surish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzolagan edilar.
Mazkur hamkorlik orqali tomonlar texnologiyalar almashinuvi va servis xizmatlarini mahalliy darajada yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan. Bu esa kelgusida poyezdlarni mustaqil texnik xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona vodiysida Qo‘qon, Namangan, Andijon va Marg‘ilon shaharlarini bog‘lovchi yangi elektropoyezd ishga tushirilgani haqida yozgan edik.