Yangiliklar

«Real Sanjik» ishi: prokuror 5 yil qamoq so‘radi

Tadbirkor Sanjar Karimov («Real Sanjik»)ga oid sud ishi bo‘yicha tomonlar muzokarasi davom etmoqda
суд над Real Sanjik
Foto: Kursiv Uzbekistan

1-may kuni bo‘lib o‘tgan Sanjar Karimov («Real Sanjik»)ga oid sud majlisida davlat ayblovchisi sudlanuvchiga 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda 500 BHM miqdorida (206 mln so‘m) jarima tayinlashni so‘radi. Bu haqda sud majlisida qatnashgan Kursiv Uzbekistan muxbiri xabar berdi.

Unga ko‘ra, prokuror hukm chiqarishda jabrlanuvchiga tegishli uy qaytarilganini ham inobatga olish kerakligini ta’kidladi.

Karimov advokatlari esa unga nisbatan ayblovlar asossiz ekanini bildirib, oqlov hukmini so‘radi. Ularning aytishicha, ayrim harakatlar noqonuniy bo‘lgan va bu holatlar jabrlanuvchi tomonidan ham tasdiqlangan. Shuningdek, uyni topshirish kompensatsiya sifatida ko‘rilmagan – bu Karimovning «uzoq davom etgan sud jarayonidan charchagani» va ommaviy axborot vositalari tomonidan bosimga uchragani bilan bog‘liq shaxsiy qarori edi.

Ma’lumot o‘rnida, Karimov sudda o‘ldirish yoki zo‘rlik bilan qo‘rqitish, firibgarlik hamda giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq noqonuniy harakatlarda ayblanmoqda.

Mazkur ish Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudida ko‘rib chiqilmoqda. Sud majlisida ikki nafar jabrlanuvchi qatnashmoqda. Sud 7-may kuni soat 16:30 gacha tanaffus e’lon qildi.

Voqea tafsilotlari

2025-yilning kuzida tarmoqlarda toshkentlik Jamila Olimboyeva ismli ayolning uy bilan bog‘liq oilaviy mojarosi tarqalgandi. Uning aytishicha, uyini yo‘qotishiga sobiq qallig‘i va tadbirkor Sanjar Karimov (Real Sanjik) sababchi bo‘lgan.

So‘ngra Sanjar Karimov o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida bu oilani ilgari tanimaganini aytib, holatga munosabat bildirdi.

«Men bu odamlarni birinchi marta notariusda ko‘rdim. Menga bu uy sotuvda ekani aytildi. $240 ming naqd to‘lab, hujjatni qonuniy rasmiylashtirdim», – dedi u.

Karimov o‘zini halol xaridor sifatida ko‘rsatib, aldovga aloqasi yo‘qligini ta’kidladi.

«Agar ular bizneslarida muvaffaqiyatsizlikka uchragan bo‘lsa, bu mening aybim emas. Uy aslida $240 mingga ham arzimaydi, men yordam sifatida sotib olganman», – dedi bloger.

Oradan biroz vaqt o‘tgach bloger Karimov bolalar uyi uchun tekin uy berish niyati bilan chiqish qildi va bu keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. 26-noyabr kuni esa «Ezgulik» jamoatchilik tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov «Real Sanjik» qo‘lga olinganini bildirdi.

Unga ko‘ra, bloger tovlamachilik va o‘qotar qurolni qonunga xilof ravishda saqlash kabi jinoyatlarda gumonlangan. Rasmiy idoralar voqea yuzasidan izoh bermadi.

Shundan so‘ng jamoatchilik vakillari huquqni muhofaza qilish organlarini mazkur ish bo‘yicha protsessual talablar asosida harakat qilishga chaqirgandi.