
Pentagon kelgusi bir yil ichida Germaniyadan qariyb 5000 nafar AQSh harbiysi olib chiqib ketilishini ma’lum qildi. Ushbu qaror Germaniya kansleri Fridrix Mers Vashingtonning Eronga qarshi strategiyasini keskin tanqid qilganidan so‘ng qabul qilingan.
Pentagon matbuot kotibi Shon Parnelning bayonotga ko‘ra, qo‘shinlar qisqartirilganidan keyin ham Germaniyada 30 ming dan ortiq amerikalik harbiylar qoladi.
«Harbiy departament rahbari Germaniyadan taxminan 5000 askarni olib chiqishni buyurdi. Bu qaror Yevropadagi kuchlar holatini sinchiklab o‘rganish natijasi bo‘lib, jarayon 6 oydan 12 oygacha davom etadi», – deyiladi Parnelning bayonotida.
Mazkur qaror AQSh prezidenti Donald Trampning shu hafta boshida aytgan tahdidlaridan so‘ng amalga oshmoqda. Bunga Germaniya kansleri Fridrix Mersning dushanba kungi chiqishi sabab bo‘lgan. Mers AQSh rasmiylarini aniq strategiyasiz urushga kirishganlikda aybladi.
«Eronliklar muzokara olib borish, to‘g‘rirog‘i, muzokara o‘tkazmaslik borasida juda ustasi farang. Ular amerikaliklarning Islomobodga borib, hech qanday natijasiz quruq qo‘l bilan qaytishiga majbur qilmoqda», – dedi Mers.
Bunga javoban Tramp kansler Eron borasida nima haqida gapirayotganini o‘zi bilmasligini aytdi va tez orada harbiylar sonini qisqartirish masalasi o‘rganilayotganini ma’lum qildi.
2025-yil dekabr holatiga ko‘ra, Germaniyada 36,4 ming nafar AQSh harbiysi doimiy asosda joylashgan. Mamlakat hududida Yevropadagi AQSh harbiy-havo kuchlarining asosiy shtab-kvartirasi hisoblangan Ramshtayn aviabazasi faoliyat yuritadi. Hozircha Berlin faqat logistika va harbiy infratuzilmadan foydalanishga ruxsat bergan, ammo to‘g‘ridan to‘g‘ri hujum amaliyotlarida qatnashishdan bosh tortmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaqin Sharqdagi urush oqibatida qancha odam halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi.