
AQShning migratsiya qonunchiligini buzgani sababli deportatsiya qilingan 26 nafar O‘zbekiston fuqarosi charter reys bilan Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelindi. Bu haqda Dunyo AA xabar berdi.
Deportatsiya qilinganlarni qaytarish jarayoni O‘zbekiston va AQShning tegishli idoralari tomonidan muvofiqlashtirilgan. Ikki tomonlama hamkorlik doirasida fuqarolarning shaxsini aniqlash, tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish va ularning xavfsiz olib kelinishini ta’minlash kabi tashkiliy masalalar tezkorlik bilan hal etilgan.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston migratsiya sohasida xorijiy sheriklar bilan aloqalarni doimiy ravishda rivojlantirmoqda. Asosiy e’tibor migratsiya qonunchiligi buzilishining oldini olish va chet eldagi o‘z fuqarolarining huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 11-mart kuni ham AQShdan 65 nafar o‘zbekistonlik deportatsiya qilingan edi. AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, prezident Tramp lavozimga kirishganidan buyon Qo‘shma Shtatlardan jami 1000 dan ziyod O‘zbekiston fuqarolari mamlakatda qolish uchun qonuniy ruxsatga ega bo‘lmagani sababli chiqarib yuborilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyada qarovsiz qolgan uch nafar bola O‘zbekistonga qaytarilgani haqida xabar bergan edi.