
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida kuzatilgan kuchli sel oqibatida yana neft aralash suyuqlik oqib chiqishi holati kuzatilmoqda. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Hozirda vaziyat Surxondaryo viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi Ekopolitsiya xodimlari hamda tegishli tashkilotlar vakillaridan iborat ishchi guruh tomonidan voqea joyida o‘rganilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bugun tong soat 06:30 atrofida yuzaga kelgan kuchli sel oqimi handaqni buzib yuborgan, natijada neft aralash suyuqlik tashqariga oqib chiqqan.
Mutaxassislar tomonidan hududda o‘rganish ishlari davom ettirilmoqda. Vaziyatning kelib chiqish sabablari va oqibatlari yuzasidan to‘liq ma’lumotlar yig‘ilmoqda hamda tegishli chora-tadbirlar belgilanmoqda.
Ma’lumot uchun, sal oldinroq ham xuddi shunday hodisa kuzatilgan. Atrof-muhitga zarar yetkazilishining oldini olish maqsadida hududda «Eriell Oilfield Services Middle East DMCC» korxonasi texnikalari yordamida 11 ta xandaq qazilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Boysun tumanidagi neft oqimi ekologiyaga 8,5 milliard so‘mdan ortiq zarar keltirgan edi. O‘shanda hududda vaziyat bartaraf etilgani, suv havzasi neft aralashmasidan tozalangani qayd etilgan edi.