
Toshkent metrosining «G‘afur G‘ulom» bekatida yo‘lovchi ayol relsga tushib ketdi. Metropoliten matbuot xizmati holat yuzasidan munosabat bildirdi.
Joriy yilning 2-may kuni soat 21:35 atrofida «G‘afur G‘ulom» metro bekatiga kirib kelayotgan 40-sonli harakat tarkibi yo‘liga ehtiyotsizlik oqibatida ayol kishi tushib ketgan. Voqea bekat hududida sodir bo‘lgan.
Mazkur vaziyatda mashinist tomonidan tezkor harakat qilinib, poyezd zudlik bilan to‘xtatilgan hamda barcha xavfsizlik choralari ko‘rilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro jiddiy tan jarohati olmagan. U tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazish uchun olib ketilgan.
Hodisa metro harakati jadvaliga ta’sir ko‘rsatmagan bo‘lib, barcha poyezdlar belgilangan jadval asosida harakatlanishda davom etgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent metrosining yerusti halqa yo‘li yo‘nalishida ish vaqti uzaytirilgani haqida xabar bergan edik.