Yangiliklar

Namanganda qalbaki dollar savdosiga chek qo‘yildi

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Namanganda qalbaki dollar savdosiga chek qo‘yildi / Foto: DXX

Namangan viloyati Chust tumanida qalbaki xorijiy valyuta savdosi bilan bog‘liq noqonuniy faoliyat fosh etildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati boshqarmasi xodimlari Bosh prokuratura departamenti hamda Bojxona idoralari bilan hamkorlikda Chust tumanida tezkor tadbir o‘tkazdi.

Tadbir davomida 1984-yilda tug‘ilgan Yangi Namangan tumanida yashovchi shaxs hamda 1980-yilda tug‘ilgan Chust tumanida istiqomat qiluvchi, ilgari sudlangan fuqaro o‘zaro til biriktirib, qalbaki $10 ming sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Ular ushbu qalbaki valyutani shartli xaridorga $7,5 mingga sotishga uringan.

Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq poytaxtda katta miqdorda pora olgan profilaktika inspektori ushlangan edi.