
O‘zbekistonning yirik sanoat korxonalaridan biri — Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK) aksiyalarini xalqaro bozorga joylashtirish (IPO)ga tayyorgarlik jarayoni vaqtincha to‘xtatdi. Bu haqda xalqaro Bloomberg nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati kompaniyaning fond bozoriga chiqish muddati va shartlarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Shu bilan birga, IPO uchun eng maqbul vaqtni aniqlash bo‘yicha tahlillar olib borilmoqda.
Dastlab NKMK aksiyalarini London va Toshkent fond birjalarida joylashtirish rejalashtirilgan edi. Biroq hozircha loyiha muddatlari hamda uni qayta boshlash masalasi noaniq bo‘lib qolmoqda.
Manbalarda qayd etilishicha, IPO muddatini qayta ko‘rib chiqish qaroriga mulkchilik tuzilmasidagi o‘zgarishlar natijasida davlat budjetiga dividend tushumlari kamayishi mumkinligi haqidagi xavotirlar ham ta’sir ko‘rsatgan.
NKMK vakili IPO bo‘yicha qaror aksiyador vakolatiga tegishli ekanini va tasdiqlangach, rasmiy e’lon qilinishini bildirgan edi. Tegishli vazirlik va idoralar esa ushbu masala yuzasidan izoh bermagan.
Bloombergning oldinroq bergan xabariga ko‘ra, Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NKMK)ni IPOga tayyorlash jarayoni sekinlashgan.
Kombinat o‘tgan yili HMP-3 boyitish fabrikasida ikkita yangi BIOX qurilmasini ishga tushirgan edi. Ushbu qurilmalar NKMKda ishlab chiqarish hajmini kengaytirish va oltin qazib olishni oshirishga xizmat qilishi qayd etilgan.
NKMK jahonda oltin ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyalar to‘rtligiga kiradi hamda Markaziy Osiyodagi eng yirik oltin qazib oluvchi korxona hisoblanadi. Kompaniyaning ishlab chiqarish quvvatlari Navoiy, Samarqand va Jizzax viloyatlarida joylashgan bo‘lib, uning tarkibida 12 ta yirik kon, 7 ta gidrometallurgiya zavodi va 2 ta uyumda eritmaga o‘tkazish sexi mavjud.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq NKMK aksiyalarining 2 foizi IPO’ga tayyorgarlik doirasida Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga o‘tkazilgan edi.