
Toshkent viloyati Zangiota tumanida baliqlarning nobud bo‘lishi bilan bog‘liq holat yuzasidan korxonaga katta miqdorda kompensatsiya hisoblandi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Zangiota tumani Achchisoy kanalida baliqlar nobud bo‘layotgani aks etgan video tarqaldi. Mazkur holat Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi tomonidan o‘rganildi.
O‘rganishlar davomida tumanning Ittifoqchi mahallasida faoliyat yuritayotgan «Damachi balik» MChJga qarashli baliqchilik ko‘lida suv sathi pasaytirilgani oqibatida baliqlarda kislorod yetishmasligi yuzaga kelgani aniqlandi. Natijada 200–300 grammli baliqlar nobud bo‘lgan. Nobud bo‘lgan baliqlar esa korxona ishchisi tomonidan tozalanib, Achchisoy kanaliga oqizib yuborilgan.
Shuningdek, korxona faoliyati natijasida hosil bo‘layotgan oqova suvlar namunasi olinib, laboratoriya tahlillari o‘tkazildi. Natijalarga ko‘ra, bir qator muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha me’yoriy talablardan oshish holatlari qayd etilgan. Xususan, azot ammoniy miqdori 1,7 barobar, azot nitrit 1,95 barobar, quruq qoldiq 1,28 barobar hamda umumiy fosfor 1,8 barobar ortiq ekanligi aniqlangan.
Mazkur holatlar oqova suvlarning yetarli darajada tozalanmasdan tashlanayotgani, suv obyektlarining ifloslanishi hamda ekologik muvozanat va bioxilma-xillikka salbiy ta’sir ko‘rsatganini bildiradi. Holat yuzasidan korxonaga 92 mln so‘m miqdorida kompensatsiya hisoblanib, mas’ullarga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi va bunday holatlarning takrorlanmasligi bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, kanal nobud bo‘lgan baliqlardan tozalandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Boysun tumanidagi neft oqimi ekologiyaga 8,5 milliard so‘mdan ortiq zarar keltirgani haqida xabar qilgan edik.