
O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov AQShning «Head Honchos LLC» rekruting kompaniyasi direktori Todd Miller bilan mehnat migratsiyasi masalalarini muhokama qildi. Bu haqda «Dunyo» AA ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, muzokaralar davomida tomonlar uyushgan mehnat migratsiyasi, xususan, «H-2A» mavsumiy qishloq xo‘jaligi bandligi dasturi doirasida hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Qayd etilishicha, O‘zbekiston fuqarolarining ushbu dasturda ishtirok etishiga ruxsat berilgan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritilishi elchixona sa’y-harakatlari natijasi sifatida yuqori baholandi.
Todd Millerning ta’kidlashicha, bu qaror AQShdagi rekruting kompaniyalari va qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari orasida katta qiziqish uyg‘otgan. Shuningdek, Amerika tomonida agrar sektorda ishchi kuchiga bo‘lgan talab yuqoriligicha qolayotgani, ichki resurslar esa cheklanganligi qayd etilgan.

Uchrashuvda O‘zbekiston fuqarolarining mehnatsevarligi, intizomliligi va mas’uliyatliligi yuqori baholandi. Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosati, fuqarolar huquqlarini himoya qilish hamda xorijda xavfsiz va qonuniy bandlikni ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida «H-2A» dasturi doirasida O‘zbekiston fuqarolarini AQSh qishloq xo‘jaligi sohasiga jalb etish bo‘yicha uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Nomzodlarni tanlash, hujjatlarni rasmiylashtirish va ishga joylashtirish jarayonlarini xalqaro standartlarga muvofiq tashkil etish hamda fuqarolar uchun qisqa muddatli tayyorlov dasturlarini joriy etish rejalashtirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Germaniya qurilish va sanoat sohasida ish o‘rinlari taklif etgani haqida yozgan edik.