
Shavkat Mirziyoyev 3-may kuni Samarqand viloyatiga tashrif davomida Imom Buxoriy majmuasida bo‘lib, ziyorat va bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Dastlab davlat rahbari Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilib, buyuk muhaddis maqbarasida Qur’on tilovat qildi va duo o‘qidi. Ushbu majmua prezident tashabbusi bilan qayta bunyod etilgan bo‘lib, ziyoratchilar uchun zamonaviy va qulay sharoitlar yaratilgan.


Ma’lumotlarga ko‘ra, Ramazon hayiti arafasida majmua yana ziyoratchilar uchun ochilgan bo‘lib, bir kunda 60 mingdan ortiq fuqaro va xorijlik mehmonlar hayit namozini shu yerda ado etgan. Ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat qilgan majmua hozirda 65 ming nafar kishini qabul qilish imkoniyatiga ega.
Shuningdek, ochilgandan so‘ng bir oy ichida Imom Buxoriy majmuasiga 1 mlndan ortiq ziyoratchilar tashrif buyurgani qayd etildi. Tashrif davomida prezident ziyoratchilar uchun sharoitlarni yanada yaxshilash, hududni obodonlashtirish va xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.


Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi chog‘ida Qo‘qondagi «Yangi O‘zbekiston» massivi bilan tanishgan edi.