Yangiliklar

Xomashyo eksportiga bojlar joriy etilishi mamlakat ichida qayta ishlashni rag‘batlantiradi — Azizbek Urunov

Uning qayd etishicha, Chexiya bosh vaziri ham buni qo‘llab-quvvatlagan
Xomashyo eksportiga bojlar joriy etilishi mamlakat ichida qayta ishlashni rag‘batlantiradi / Foto: Instagram

Prezidentning Jahon savdo tashkiloti (JST) masalalari bo‘yicha vakili Azizbek Urunov LinkedIn’dagi sahifasida O‘zbekistondagi ayrim xomashyolar eksportiga bojlar joriy etilishidagi ijobiy jihatlari haqida fikr bildirdi.

Unga ko‘ra, eksport bojlarini qo‘llash xomashyoni mamlakat ichida qayta ishlashni rag‘batlantirish hamda qo‘shimcha qiymat yaratishni oshirishga xizmat qiladi. Mazkur yondashuv ichki ishlab chiqarishni rivojlantirish va iqtisodiy samaradorlikni kuchaytirish vositasi sifatida baholanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, eksport bojlari 2025-yildan boshlab O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilish jarayonidagi islohotlar doirasida joriy etilgan. Ushbu chora-tadbirlar prezident tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bo‘lib, strategik ahamiyatga ega xomashyo eksportiga bojlar joriy etish orqali ularni mamlakat ichida qayta ishlashni rag‘batlantirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, ayrim ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar va strategik xomashyolar eksportiga oid shaffof bo‘lmagan ruxsat berish tartib-taomillarini bekor qilish hamda ularning o‘rniga eksport bojlarini joriy etish orqali shaffoflikni ta’minlash va barcha bozor ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratish maqsad qilingan.

Qayd etilishicha, ayrim xomashyo eksportchilari ushbu choradan norozi bo‘lsa-da, mamlakat ichida ishlab chiqarishni rivojlantirish va qo‘shimcha qiymat zanjirini shakllantirish bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlarni inobatga olish muhim.

Urunovning ma’lum qilishicha, Chexiya Respublikasi bosh vaziri Andrey Babish ham 29 – 30-aprel kunlari O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifi davomida xomashyo eksportiga bojlar joriy etish tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda qator mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan 15 turdagi xomashyo importiga boj bekor qilinishi haqida yozgan edik.