Yangiliklar

2026-yilda O‘zbekistondan 15 mingdan ortiq ziyoratchilar Hajga boradi

Buning uchun jami 70 ta maxsus aviareys amalga oshiriladi
2026-yilda O‘zbekistondan 15 mingdan ortiq ziyoratchilar Hajga boradi / Foto: Uzbekistan Airport

O‘zbekistonda 2026-yilgi Haj ziyorati mavsumi doirasida 9 ta hududiy aeroport orqali 15 mingdan ortiq ziyoratchini Madina shahriga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airport ma’lum qildi.

Joriy yil 2-may kuni mahalliy vaqt bilan soat 15:10 da Toshkent xalqaro aeroportidan Madina shahriga ilk ziyoratchilar guruhi jo‘nab ketdi va shu bilan mavsumning tantanali ochilishi amalga oshirildi.

Tasdiqlangan dasturga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab 9 ta hududiy aeroportdan jami 70 ta maxsus aviareys amalga oshiriladi. Ushbu reyslar orqali jami 15 130 nafar ziyoratchining Saudiya Arabistonidagi muqaddas qadamjolarga yetib borishi rejalashtirilgan.

Hududlar kesimida Namangandan 7 ta reys (1 890 ziyoratchi), Andijondan 10 ta reys (1 725), Farg‘onadan 10 ta reys (1 710), Buxorodan 3 ta reys (1 078), Samarqanddan 3 ta reys (900), Termizdan 5 ta reys (882), Qarshidan 5 ta reys (833) va Urganchdan 4 ta reys (720 ziyoratchi) amalga oshirilishi belgilangan.

Barcha aviaparvozlar Toshkent – Madina yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri bajariladi. Ziyoratchilarni aeroportlarda ro‘yxatdan o‘tkazish, bojxona nazoratidan o‘tkazish va parvozga tayyorlash jarayonlari tartibli tashkil etilgan bo‘lib, yo‘lovchilar uchun kutish zallarida zarur sharoitlar yaratib qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2026-yilgi Haj mavsumi 2-maydan 18-mayga qadar davom etishi haqida xabar qilgan edik.