
Gidroenergetika tarmog‘ini barqaror rivojlantirish maqsadida mamlakatda umumiy quvvati 1400 MVt bo‘lgan gidrotoplash elektr stansiyalari quriladi. Bu haqda Adliya vazirigi ma’lum qildi.
«Gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori bilan «O‘zbekgidroenergo» AJ faoliyatini yanada samarali tashkil etish va gidroenergetika quvvatlarini kengaytirish bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.
Unga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar umumiy quvvati 114 MVt bo‘lgan ishlab chiqarish quvvatlari foydalanishga topshiriladi hamda 7,1 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkichlar mamlakatning energiya ta’minotini yanada barqarorlashtirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, 2032-yil yakuniga qadar gidroenergetika sohasida keng ko‘lamli loyihalar amalga oshiriladi. Xususan, umumiy quvvati 1400 MVt bo‘lgan gidrotoplash elektr stansiyalari quriladi hamda qo‘shimcha 3266 MVt quvvat yaratiladi. Natijada gidroenergetika quvvatlari 2,4 baravarga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, investitsiya loyihalarini jadallashtirish maqsadida infratuzilma qurilish ishlari bir bosqichli loyihalash asosida amalga oshiriladi hamda «O‘zbekgidroenergo» AJ mablag‘lari hisobidan pudrat tashkilotlari tanlanadi. Loyiha-qidiruv ishlarida esa «Gidroproyekt» AJ va «O‘zsuvloyiha» AJ tomonidan uchuvchisiz uchish apparatlaridan foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun, gidroenergetika suvning oqim kuchi yoki bosimidan elektr energiyasi ishlab chiqarish texnologiyasi hisoblanadi. Gidroenergetikaning asosiy manbai suvning kinetik va potensial energiyasi bo‘lib, u qayta tiklanuvchi, ya’ni tugamaydigan energiya manbalaridan biridir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2030-yilgacha mamlakatda «yashil» energiya ulushi 54 foizga yetkazilishi haqida yozgan edik.