Sport

APL: «Manchester Yunayted» «Liverpul»ni yengdi, «Tottenhem» xavfli zonadan uzoqlashdi

«Old Trafford»dagi bahsda maydon egalari 3:2 hisobida ustun keldi
Mateus Kunya va Benjamin Sheshko / Foto: Instagram / manutd

Angliya Premyer-ligasining 35-turida «Manchester Yunayted» o‘z maydonida «Liverpul»ni 3:2 hisobida mag‘lub etdi. Birmingemda kechgan bahsda esa «Tottenhem» «Aston Villa» ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.

Foto: Instagram / manutd

3-may kuni «Old Trafford» stadionida o‘tgan uchrashuvda mezbonlar Mateus Kunya va Benjamin Sheshkoning birinchi bo‘limdagi gollari evaziga hisobda oldinga chiqib oldi. Ikkinchi bo‘limda maydonga tushgan Amad Diallo kutilmaganda to‘pni raqibga topshirdi. Dominik Soboslai esa xatoni kechirmadi. Goldan ko‘p o‘tmay xato qilish navbati «qizil iblislar» darvozaboniga keldi. Senni Lammensning noto‘g‘ri pasidan keyin Kodi Gakpo osonlik bilan gol kiritib, muvozanatni tikladi – 2:2.

Манчестер Юнайтед VS Ливерпуль - Обзор

O‘yinning 77-daqiqasida Kobbi Maynu kiritgan hal qiluvchi gol mankunianliklarga g‘alaba keltirdi. Natijada «Manchester Yunayted» kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini mustahkamladi, «Liverpul» esa Maykl Karrik shogirdlariga yetib olish imkoniyatidan foydalana olmadi.

Foto: tottenhamhotspur.com

Turning yana bir markaziy o‘yinida «Tottenhem» Konor Gallaher va Risharlisonning gollari yordamida tezkor ustunlikka erishdi. «Aston Villa» bunga faqatgina hakam tomonidan qo‘shib berilgan 96-daqiqada Emiliano Buendianing goli bilan javob qaytara oldi.

Conor Gallagher's First Spurs Goal! | Aston Villa 1-2 Spurs | Premier League Highlights

Ushbu natija londonliklarning xavfli hududdan chiqib olishiga yordam berdi. «Tottenhem» 37 ochko bilan 17-o‘ringa chiqib oldi. 18-pog‘onadagi «Vest Hem» klubida esa 36 ochko mavjud. «Aston Villa» ushbu mag‘lubiyatdan keyin Chempionlar ligasiga yo‘llanma beradigan 4-o‘ringa chiqib olish imkoniyatini qo‘ldan boy berdi. Hozirda birmingemliklarda «Liverpul» bilan bir xil 58 ochko mavjud.

Foto: Instagram / premierleague

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Frenk Lempard «Koventri» bilan Chempionship g‘olibiga aylangani haqida xabar bergan edi.