
Nyu-York shahrida O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning rejalashtirilgan konserti AQSh yahudiylarining noroziliklariga sabab bo‘lmoqda. Kursiv Uzbekistan holatga aniqlik kiritish maqsadida xonandaning ma’muri bilan bog‘landi.
Unga ko‘ra, konsertga chiptalar sotilgan, tayyorgarlik jarayonlari ham joyida. Xonandaning vizasi esa hali chiqmagan. Ma’mur yaqin kunlarda uning ham javobi chiqishini bildirdi.
Konsert dasturi 9-may kuni Brighton Beach hududida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ayni sana Holokost qurbonlarini xotirlash kuniga to‘g‘ri kelishi sababli ayrim yahudiy siyosatchilar va jamoat vakillari tomonidan tanqid qilinmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda va mahalliy yahudiy jamoasi vakillari orasida ushbu konsertni bekor qilish talablari ilgari surilmoqda. Asosiy e’tirozlar xonandaning 2021-yilda Isroil–Falastin mojarosi fonida bildirgan bayonotlari bilan bog‘lanmoqda. O‘sha paytda Usmonova bir necha videomurojaatlarda Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlagan edi.
Nyu-Yorkda bir qator siyosatchilar ham konsertga qarshi kampaniya boshlagan. Ular orasida Nassau okrugi ijrochi rahbari hamda Nyu-York shtati gubernatori lavozimiga nomzod Bryus Bleykman, shuningdek, shtat Assambleyasi a’zolari Maykl Novakhov va Alek Bruk-Krasni kabi shaxslar bor. Ular xonandani ilgari bildirilgan antisemitizmga oid bayonotlarni rad etish va omma oldida uzr so‘rashga chaqirgan, biroq bu taklif rad etilgan.

Bleykmanning bayonotida ushbu konsertni «nafratli ritorika» bilan bog‘liq deb atab, san’atkorga AQShga kirish huquqini qayta ko‘rib chiqish va mavjud vizalarni bekor qilish masalasini AQSh Davlat kotibi Marko Rubio oldiga qo‘yganini ma’lum qilgan. Shuningdek, faollar ham Rubio nomiga murojaat yo‘llab, xonandaga berilgan vizalarni bekor qilishni so‘ragan.
Bundan tashqari, Nyu-Yorkda ushbu tashabbusga bag‘ishlangan matbuot anjumani 4-may kuni soat 11:00 da Brayton Bich avenyusidagi 1029-uyda joylashgan Oceana teatri oldida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tashkilotchilar konsert sanasi Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba va Holokost qurbonlarini xotirlash davriga yaqin kelishini ham qo‘shimcha e’tiroz sifatida keltirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda konsert-tomosha sohasida xizmatlarni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish taklifi bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Madaniyat vazirligi masala yuzasidan o‘z pozitsiyasini bildirgan edi. O‘shanda Yulduz Usmonova ham yangi soliq turini keskin tanqid qilgan edi.