Yangiliklar

Bitkoin narxi so‘nggi bir oy ichida 19 foizga o‘sdi

Kriptovalyuta qiymati AQShdagi qonunchilik tashabbuslari fonida $80 minglik ko‘rsatkichga yetdi
Foto: Pexels.com

4-may kuni Bitkoin narxi $80 minglik ko‘rsatkichdan yuqoriga ko‘tarilib, so‘nggi bir oy ichida 19 foizlik o‘sishni qayd etdi. Narxlarning ko‘tarilishiga institutsional investorlar oqimi va AQSh Senatida raqamli aktivlarni tartibga soluvchi Clarity Act qonun loyihasining faollashuvi sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekistonning UZNEX birjasida 4-may soat 14:56 holatiga ko‘ra, Bitkoin narxi $79,8 ming tashkil qilmoqda. Faqat may oyining birinchi kunida AQSh spot Bitkoin ETF (birjaga kiritiluvchi fond)lariga $630 mln sarmoya kiritildi. Bu aprel oyini o‘tgan yilning oktabridan buyon eng muvaffaqiyatli oyga aylantirgan o‘sish sur’atining davomidir.

AQSh Senatining Bank qo‘mitasi raisi Tim Skott Clarity Act qonun loyihasi may oyida muhokama qilinishi va tez orada ovozga qo‘yilishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, ushbu hujjat raqamli aktivlar bozoridagi huquqiy noaniqliklarga chek qo‘yib, yirik kapital oqimiga yo‘l ochadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Bitkoin asoschi Buyuk britaniyalik kriptograf bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.