
O‘zbekistonning Interpol Milliy markaziy byurosi (MMB) Gruziya huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikda xalqaro qidiruvda bo‘lgan fuqaroning ekstraditsiyasini ta’minladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qidiruvdagi shaxs Tbilisi shahridagi Interpol MMB bilan o‘tkazilgan muvofiqlashtirilgan tadbirlar natijasida Gruziya hududida aniqlangan va qo‘lga olingan. Jarayonning barcha bosqichlari axborot hamda tashkiliy-huquqiy jihatdan O‘zbekiston Interpol xizmati tomonidan bevosita nazorat qilindi va muvofiqlashtirildi.
Gruziya Adliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ekstraditsiya to‘g‘risidagi iltimosnomasini qanoatlantirdi. Shundan so‘ng ayblanuvchi Interpol xodimlari hamrohligida keyingi protsessual harakatlarni o‘tkazish hamda O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortish uchun Toshkent shahriga olib kelindi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Humans kompaniyasi asoschisi Vladimir Dobrinin xalqaro qidiruvga berilgani haqida xabar bergan edi.