
«Toshkent» respublika fond birjasi (RFB)dan joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 24-apreldan 1-maygacha bo‘lgan davrda salbiy dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 2,23 foizga tushdi.
Ushbu davr mobaynida «O‘zbektelekom»ning ham oddiy, ham imtiyozli aksiyalarida eng katta o‘sishga erishib, mos ravishda 20,56 va 7,92 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Qashqadaryo texnologik transport» aksiyalarida (+14,94%) ham o‘sish qayd etildi.
O‘z navbatida, «Kapital sug‘urta» aksiyalari 15,79 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Ipoteka-bank» aksiyalari (-15,53%) va «Qizilqumsement» aksiyalari (-12,16%) ham pasayish bilan ajralib turdi. Faqatgina «Agrobank» va «O‘zbekgeofizika» aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

24-apreldan 1-maygacha bitimlar soni bo‘yicha Chilonzor buyum savdo kompleksi (2 335 ta), «O‘zbektelekom» (1 727 ta) va «O‘zRTXB» (1 494 ta) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «Hamkorbank» (2,22 mlrd so‘m) yetakchilik qildi. «O‘zRTXB» (1,80 mlrd so‘m) va «O‘zbektelekom» (1,07 mlrd so‘m) aksiyalari yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan yettitasi haftani ijobiy, ikkitasi o‘zgarishsiz va 29 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 9,88 mlrd so‘m bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fond bozori axborot-resurs markazining 100 foiz ulushi «Toshkent» RFBga o‘tkazilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, birja ustav fondi qo‘shimcha aksiyalar chiqarish orqali 27,7 mlrd so‘mga oshiriladi. Shu maqsadda har birining nominal qiymati 2560 so‘m bo‘lgan 10,8 mln dona oddiy hujjatsiz aksiyalar chiqariladi.
Mazkur aksiyalar Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga joylashtiriladi. Aksiyalar uchun to‘lov pul shaklida emas, balki Fond bozorining axborot-resurs markazi ustav kapitalidagi 100% ulushni kiritish orqali amalga oshiriladi.