Sport

«Inter» «Parma»ni mag‘lub etib, 21-marta Italiya chempioniga aylandi

Kristian Kivu boshqaruvidagi jamoa muddatidan avval A Seriya g‘olibligini qo‘lga kiritdi
Foto: inter.it

Italiya A Seriyasining 35-turida «Inter» klubi «Parma»ni 2:0 hisobida mag‘lub etib, muddatidan avval chempionga aylandi. Milandagi «Juzeppe Meatsa» stadionida o‘tgan uchrashuv jamoaga o‘z tarixidagi 21-titulni taqdim etdi.

Foto: inter.it

Uchrashuvning 45+1-daqiqasida Pyotr Zelinskiyning uzatmasidan so‘ng Markus Tyuram hisobni ochgan bo‘lsa, 80-daqiqada Lautaro Martinesning yordami bilan Genrix Mxitaryan ikkinchi golni kiritdi. Shuningdek, uchrashuvning 64-daqiqasida italiyaliklar yarim himoyachisi Zelinskiy sariq kartochka bilan jazolandi.

Интер VS Парма - Обзор

Ushbu g‘alaba evaziga «Inter» 35 o‘yindan so‘ng 82 ochko to‘plab, turnir jadvalida eng yaqin ta’qibchisi «Napoli»dan 12 ochkoga o‘zib ketdi. O‘yinda mag‘lubiyatga uchragan «Parma» esa 42 ochko bilan 12-pog‘onadan joy olgan.

Foto: inter.it

2025-yil iyun oyida Simone Inzagining o‘rniga bosh murabbiy etib tayinlangan Kristian Kivu o‘zining debyut mavsumidayoq muddatidan avval Skudetto sohibiga aylandi. Agar «Inter» 13-may kuni Italiya Kubogi finalida «Latsio»ni mag‘lub etsa, jamoa mavsumni «oltin dubl» bilan yakunlashi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Inter» dramatik kambek bilan Italiya kubogi finaliga chiqqani haqida xabar bergan edi.