Yangiliklar

Kruiz kemasida hantavirus tarqalishi oqibatida uch kishi vafot etdi

Xavfli kasallik tarqalishi oqibatida yana kamida uch nafar yo‘lovchi og‘ir ahvolda qolmoqda
Foto: x.com

Atlantika okeanida suzib yurgan MV Hondius kruiz kemasida kamyob hantavirus infeksiyasi tarqalishi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida keksa er-xotin ham bor bo‘lib, yana kamida uch kishi kasallangani aytilmoqda. Bu haqda CNN xabar bermoqda.

Kemada jami 150 ga yaqin sayyoh va 70 nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Kema uch hafta oldin Argentinadan Antarktida va Folklend orollari bo‘ylab yo‘lga chiqqan edi. Niderlandiya bayrog‘i ostida harakatlanuvchi ushbu layner hozirda Kabo-Verde poytaxti Praya portida to‘xtab turibdi.

Foto: AFP / Getty Images

Kasallikning birinchi qurboni kemada vafot etgan 70 yoshli erkak bo‘lib, uning jasadi Avliyo Yelena orolida tushirilgan. Marhumning ayoli Janubiy Afrikadagi aeroportda xushini yo‘qotgan va shifoxonada halok bo‘lgan. Shuningdek, yana bir britaniyalik bemor Yoxannesburgdagi shifoxonaning jonlantirish bo‘limida davolanmoqda.

Hantavirus kemiruvchilarning peshobi yoki axlati orqali yuqadi hamda og‘ir nafas olish kasalliklarini keltirib chiqaradi.

«JSST Atlantika okeanida suzib yurgan kruiz kemasi bilan bog‘liq hodisadan xabardor va tegishli yordam ko‘rsatmoqda», — deyiladi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bayonotida.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sanepidqo‘mita Xitoyda yangi virus tarqalayotgani haqidagi xabarlarni rad etgani haqida xabar bergan edi.