
O‘zbekistonda 9-may – Xotira va qadrlash kuni yaqinlashmoqda. Amaldagi Mehnat kodeksiga asosan, bu yilgi bayram shanba kuniga to‘g‘ri kelgani uchun haftasiga 5 kun ishlovchi xodimlar ketma-ket uch kun dam oladi.
9-may, shanba kuni barcha xodimlar uchun dam olish kuni hisoblanadi. 10-may, yakshanba kuni esa barcha uchun odatiy dam olish kuni bo‘lib qoladi. 11-may, dushanba kuni haftasida 5 kun ishlovchilar uchun 9-maydan ko‘chirilgan dam olish kuni sifatida belgilanadi. Biroq haftasida 6 kun ishlovchilar uchun 11-may odatiy ish kuni bo‘ladi.
Mazkur tartib O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 208-moddasiga asosan amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, agar bayram kunlari dam olish kuniga to‘g‘ri kelib qolsa, dam olish kuni bayramdan keyingi ish kuniga ko‘chirilishi belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan may oyida o‘zbekistonliklar necha kun dam olishi haqida xabar bergan edi.