Yangiliklar

O‘zbekiston daromadi yuqori davlatlar qatoriga kirishni maqsad qilgan — prezident

O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yil birinchi choragida 8,7 foizga o‘sdi
O‘zbekistonda asosiy daromad manbasi sifatida rasmiy ish haqi yetakchilik qilmoqda — Markaziy bank
Foto: Depositphotos

O‘zbekiston daromadi o‘rtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirishni maqsad qilmoqda. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruvchilari kengashining 59-yillik yigʻilishida ma’lum qildi.

Davlat rahbari global beqarorlik sharoitida ham O‘zbekiston iqtisodiyoti 2026-yil birinchi choragida 8,7 foizga o‘sganini alohida ta’kidladi.

Shuningdek, so‘nggi yillarda islohotlar markazida aholi turmush darajasini yaxshilash turgani va natijada 8,5 mln aholining daromadi oshirilib, kambag‘allik darajasi 35 foizdan 5,8 foizgacha kamaygani qayd etildi.

O‘zbekiston oxirgi o‘n yilda Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha eng katta ijobiy natija ko‘rsatgan beshta davlatdan biri bo‘ldi.

«Biz 2030-yilga qadar Oʻzbekistonda barcha sohalarni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish orqali iqtisodiyot hajmini 240 milliard dollardan oshirish niyatidamiz.

Natijada daromadi oʻrtachadan yuqori davlatlar qatoriga kirishni hamda kambagʻallikka toʻliq barham berishni maqsad qilganmiz.

Yaqin kunlarda 13 ta strategik yirik korxona aktivlarini oʻz ichiga olgan «Milliy investitsiya jamgʻarmasi»ning 30 foiz ulushini xalqaro fond bozoriga chiqaramiz», – dedi prezident.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va OTB o‘rtasida $12,5 milliardlik sheriklik dasturi imzolangani xabar qilingandi. O‘tgan 30 yil ichida OTB O‘zbekistonning yirik strategik sherigiga aylangan bo‘lib, hozirgi kunda amaldagi loyihalar portfeli qariyb $16 mlrdni tashkil etadi. Amaliyotlar hajmi bo‘yicha O‘zbekiston bankning mintaqadagi eng yirik hamkorlaridan biri hisoblanadi.