
Markaziy Osiyoda Raqamli bojxona va logistika alyansi tashkil etilishi mumkin. Shavkat Mirziyoyev transport va logistika tizimlari barqarorligi bugungi kunda eng muhim masalaga aylanayotganini ta’kidladi.
Davlat rahbariga ko‘ra, jahondagi ziddiyatlar sabab logistika yo‘laklari o‘zgarib, Markaziy Osiyoda yuk tashish xarajatlari 30 foizgacha oshgan. Yetkazib berish muddati esa bir necha haftaga cho‘zilmoqda.
Shu bilan birga, Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li loyihasi bo‘yicha qurilish ishlari boshlangan. Yangi yo‘lak orqali yuk yetkazish muddati 10 kungacha qisqaradi va yiliga 15 mln tonnagacha yuk tashish imkoniyati yaratiladi.
Prezident Osiyo taraqqiyot bankining Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) doirasida «Raqamli bojxona va logistika alyansi»ni tashkil etishni taklif qildi. Bu tashabbus bojxona tartiblarini uyg‘unlashtirish, hujjatlarni raqamlashtirish va yuk tashishni yengillashtirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «AQSh – O‘zbekiston biznes darvozasi» nomli maxsus platforma ishga tushirilishi xabar qilingandi. Unga ko‘ra, platforma amerikalik investorlar uchun davlat xizmatlarini masofadan va soddalashtirilgan tartibda olish imkonini beradi.