
Tadbirkorlik subyektlari tashqi reklama joylashtirish uchun maxsus pasport olishlari shart qilib belgilandi. Xizmat my.gov.uz portali orqali ko‘rsatiladi hamda arizalarni ko‘rib chiqish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 90 foizi miqdorida to‘lov undiriladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar bermoqda.
Portalning xususiy mulk uchun reklama joyi pasportini rasmiylashtirish bo‘limi orqali kerakli hujjatlar, obyektning tashqi ko‘rinishi rasmi va lokatsiyasi tizimga kiritiladi. Arizani ko‘rib chiqish uchun 370,8 ming so‘m miqdorida bir martalik to‘lov amalga oshiriladi. Hujjatlar to‘liq bo‘lganda jarayon 15 ish kunida yakunlanadi. Agar kamchilik aniqlansa, bepul qayta ariza yuborish imkoniyati mavjud.
Reklama pasporti olingandan so‘ng, maydon uchun har oy kvadrat metriga 50 ming so‘mdan 80 ming so‘mgacha to‘lov qilinadi. Shuningdek, reklama yozuvidagi harflarning balandligi 20 santimetrdan 50 santimetrgacha, qalinligi esa 5 santimetrdan 15 santimetrgacha bo‘lishi lozim. Peshlavha yoki logotip kirish qismi kengligining 60 foizigacha bo‘lgan hududda joylashtiriladi.

Har bir tijorat obyektiga faqat bitta reklama yozuvi o‘rnatishga ruxsat etiladi. Ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatidagi peshlavhalar bir qatorda va o‘zaro uyg‘un ranglarda bo‘lishi talab qilinadi. Har bir holat konstruksiya turi va obyektning o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqib alohida ko‘rib chiqiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda dizayn-kod sabab tadbirkorga elektr ta’minotini uzish bilan tahdid qilingani haqida xabar bergan edi.