
3-may kuni kechqurun soat 20:00 atrofida yopirilgan kuchli yomg‘ir Toshkent ko‘chalarini daryoga aylantirdi. Shahar infratuzilmasi navbatdagi sinovga duch keldi.
Yog‘ingarchilik nafaqat yo‘llarni, balki strategik obyektlarni ham chetlab o‘tmadi. Shayxontohur tumanidagi «Chorsu» metro bekatini suv bosdi, tuman hokimiyati esa vaziyatni nazoratga olganini ma’lum qildi. Kuchli jala oqibatida qator mahallalarda elektr ta’minoti 2 soatdan ortiq vaqtga uzilib qoldi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi qator mavzelarda ham o‘chishlar kuzatildi.
Lutfiy ko‘chasidagi vaziyat: do‘kon ichidagi «suv toshqini»
Eng og‘ir holatlardan biri Uchtepa tumanidagi Farhod va Lutfiy ko‘chalari chorrahasida qayd etildi. Lutfiy ko‘chasidagi 7a-uy oldidagi piyodalar yo‘lagidan o‘tishning mutlaqo imkoni bo‘lmadi.
Shu hududda joylashgan Korzinka supermarketida esa haqiqiy favqulodda holat yuzaga keldi. Do‘kon ichiga suv shunchalik kuchli oqib kirdiki, xodimlar kassa yonidagi suvlarni maxsus plastik lotoklar yordamida yig‘ib, chelaklarga bo‘shatishga majbur bo‘ldi.
Yomg‘ir boshlanganidan 10 daqiqa o‘tib, binoda chiroq o‘chdi. Kassa apparatlari ishlamay qolgach, do‘kon yopildi.
Ushbu nuqtada infratuzilma muammolari avvalroq ham kuzatilgan edi: mijozlarning ta’kidlashicha, binodagi eskalatorlar bir necha oydan beri ishlamayapti.
Biroq har safar kuchli yomg‘ir yog‘ganda Toshkentning past qismda joylashgan hududlari suv ostida qolishi tizimli drenaj muammolari hali ham dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda.