Yangiliklar

UzAuto Motors sustlashdi: I chorakdagi sof foyda 16 foizga kamaydi

Operatsion foyda esa 1,5 foizga oshib, 749,8 mlrd so‘mga yetdi
прибыль UzAuto Motors
UzAuto Motors sustlashdi: I chorakdagi sof foyda 16 foizga kamaydi / Foto: UzAuto Motors

UzAuto Motors kompaniyasining joriy yil yanvar – mart oylaridagi sof foydasi 16 foizga kamayib, 648,3 mlrd so‘mni tashkil etdi. Bu haqda kompaniya moliyaviy hisobotida ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, operatsion foyda 1,5 foizga oshib, 749,8 mlrd so‘mga yetgan. Daromad 9,7 trln so‘mdan 10,9 trln so‘mga ko‘tarilgan, yalpi foyda esa 1 trln so‘mdan 1,9 trln so‘mga oshgan.

Sof foyda kamayganiga qaramay, kompaniya O‘zbekiston avtomobil bozorida yetakchiligini saqlab qolmoqda. 1-aprel holatiga UzAuto Motors jami 45,8 mingta avtomobil sotgan bo‘lib, shundan 23,9 mingtasi Chevrolet Cobalt hissasiga to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda Damas (18,8 mingta) va Tracker (11,1 mingta) turadi.

I chorak yakunlariga ko‘ra, kompaniya mamlakat avtomobil bozorining 50,4 foiz ulushini egallagan. Qolgan ulushlar Khorezm Auto (28,9 foiz) va ADM (12 foiz) hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Umuman olganda, yanvar – mart oylarida O‘zbekiston avtomobil sanoatida 108,7 mingdan ortiq avtomobillar ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu 11,8 foiz o‘sishni anglatadi. Avtomobil dvigatellari ishlab chiqarish esa 57 mingdan 58 ming donaga oshgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2026-yilning birinchi choragida eng ko‘p ishlab chiqarilgan avtomobillar haqida yozgan edik.