
«Primadonna»ning konserti bekor qilindi, ikkinchi ayolini o‘ldirish uchun qotil yollagan erkak qo‘lga olindi — 5-may kuni e’lon qilingan yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
Uzr so‘raydi deb o‘ylasangiz qattiq adashasiz — Yulduz Usmonova yahudiylarga javob qaytardi

O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonovaning 9-may kuni Nyu-York shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konserti yahudiy jamoasi vakillarining noroziligiga sabab bo‘ldi. Bunga «Primadonna» ijtimoiy tarmog‘i orqali munosabat bildirdi.
Konsert dasturi atrofidagi ziddiyatlar fonida Yulduz Usmonova Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali videomurojaat yo‘llab, chiptalar to‘liq sotilganini ta’kidladi va uzr so‘rash talabini qat’iyan rad etdi.
Nyu-Yorkdagi norozilik ortidan «Primadonna»ning konserti bekor qilindi
Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlaridan so‘ng Bruklindagi Oceana Theater sahnasida rejalashtirilgan Yulduz Usmonova konserti bekor qilindi. Bu haqda teatr ma’muriyati Facebook’dagi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Xabarlarga ko‘ra, namoyishlar Nyu-York shtati gubernatorligiga nomzod Bryus Bleykman ishtirokida o‘tgan. Shundan keyin teatr ma’muriyati konsertni o‘tkazmaslikka qaror qilgan.
O‘zbekiston terma jamoasining may oyidagi yig‘ini uchun tarkibi e’lon qilindi

O‘zbekiston milliy terma jamoasining 6–26-may kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inida ishtirok etadigan futbolchilar ro‘yxati tasdiqlandi. Yig‘in doirasida Milliy futbol markazida Superliga klublariga qarshi yopiq nazorat o‘yinlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Kannavaro mazkur yig‘in uchun 4 ta darvozabon, 14 ta himoyachi, 12 ta yarimhimoyachi va 10 ta hujumchini chaqirgan. Italiyalik mutaxassis Nodirbek Abdurazzoqov, Sardor Bahromov, Muhammadrasul Abdumajidov hamda Diyor Ortiqboyev kabi yosh futbolchilarni ham tarkibga kiritgan.
Chevrolet Equinox avtomobilining tormoz tizimi yangilanadi

General Motors tomonidan e’lon qilingan servis byulletenga ko‘ra, 2025 – 2026-yillarda ishlab chiqarilgan ayrim Chevrolet Equinox EV avtomobillarida tormoz tizimi bilan bog‘liq dasturiy nosozlik aniqlangan. Gap mexanik muammo haqida emas, balki tormoz boshqaruv moduli ishlashidagi xatolik haqida bormoqda.
Unga ko‘ra, ayrim holatlarda, ayniqsa, past tezlikda ABS tizimi ishga tushganda va mashina tekis yo‘ldan notekis yo‘lga o‘tganda, tormoz samaradorligi vaqtincha pasayishi mumkin. Bu esa haydovchi uchun noqulaylik tug‘dirishi ehtimoli bor.
Toshkentda ikkinchi ayolini o‘ldirish uchun qotil yollagan erkak qo‘lga olindi

Toshkent shahrida o‘zining shar’iy nikohdagi rafiqasini o‘ldirish uchun qotil yollagan erkak huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi (IIBB) ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, gumonlanuvchi qotillikni amalga oshirish evaziga $10 ming taklif etgan, oldindan esa $2 ming miqdorida pul bergan. U yollangan shaxsga jabrlanuvchining yashash manzili, uy-joyi, avtomobili, kun tartibi hamda ijtimoiy aloqalari haqida batafsil ma’lumotlarni ham taqdim etgan.
2026-yilning birinchi choragida eng ko‘p sotilgan smartfonlar qaysi

2026-yilning birinchi choragida Apple iPhone 17 dunyodagi eng ko‘p sotilgan smartfon bo‘ldi. Counterpoint Research tahlillariga ko‘ra, u global sotuvlarning 6 foizini egalladi.
Hisobotga ko‘ra, iPhone 17 seriyasi reytingda birinchi uch o‘rinni band qildi. iPhone 17 Pro Max va iPhone 17 Pro ham yuqori o‘rinlarda qayd etildi. Samsung esa ro‘yxatda eng ko‘p modelga ega bo‘ldi. Galaxy A seriyasidan beshta model Top – 10 ga kirdi. Eng ko‘p sotilgan Android smartfon Galaxy A07 4G bo‘ldi.
Maktablardagi «aqlli» kameralar sinov tariqasida o‘rnatilmoqda — vazirlik

Ijtimoiy tarmoqlarda maktab o‘quvchilari davomatini «aqlli» kameralar orqali aniqlash haqida xabarlar tarqaldi. Masala ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgach holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, hozirda Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ayrim maktablarda «aqlli» kameralar sinov tariqasida o‘rnatilmoqda.
«Bu nafaqat, maktab jamoasi, balki ota onalarning ham oʻz farzandlarini ta’lim olishi va darslarga qatnishishini onlayn nazorat qilish, shuningdek, ularning xavfsizligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi», — deyiladi xabarda.
Dollar yana 12 000 so‘mdan oshdi: 6-may uchun valyutalar kursi

6-may uchun valyutalar kursi yangilandi. Unga ko‘ra, dollar kursi yana 43,68 so‘mga oshib, 12 037,21 so‘mni tashkil qildi. Bu narx Valyuta birjasida bo‘lib o‘tgan savdolar asosida shakllantirildi. Markaziy bank ham o‘z saytida e’lon qildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 17,48 so‘mga oshib, 14 071,50 so‘mni, rubl esa 1,1 so‘mga oshib, 159,62 so‘mni tashkil etdi.
Buxorolik tadbirkorning tabiatga yetkazgan zarari qimmatga tushdi

Buxoro viloyati Olot tumanida ekologiyaga zarar yetkazgan tadbirkor 1,3 mlrd so‘m miqdordagi jarimaga tortildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ish Iqtisodiy ishlar bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudida ko‘rib chiqildi. Aniqlanishicha, Olot tumani hududidan o‘tuvchi Jondor kanalida qazish ishlari olib borilishi jarayonida yuridik shaxs, ya’ni firma rahbari 154 tup qimmatbaho turung‘ul daraxtlarini noqonuniy ravishda kesgan.
Braziliyada kichik samolyot turar joy binosiga qulab tushdi: qurbonlar bor

Braziliyaning Belo Horizonte shahrida kichik samolyot turar joy binosiga qulab tushdi. Hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda Reuters.
Voqea 2026-yil 4-may kuni Braziliyaning janubi-sharqida sodir bo‘lgan. Dastlab besh kishi bo‘lgan kichik samolyot Pampulha aeroportidan uchib chiqqan va San-Paulu shahriga yo‘l olgan. Biroq u havoda bir necha daqiqa bo‘lgach, shahardagi uch qavatli turar joy binosiga qulab tushgan.