Banklar va moliya

Banklarda avtokreditlar va mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari pasaydi

4-may holatiga ko‘ra
Banklarda avtokreditlar va mikroqarzlar bo‘yicha foiz stavkalari pasaydi
Foto: depositphotos

4-may holatiga ko‘ra, tijorat banklarida amal qilayotgan mikroqarz va avtokreditlarning so‘nggi 10 ish kuni bo‘yicha foiz stavkalari e’lon qilindi. Bu haqda Markaziy bank xabar berdi.

Mazkur davrda mamlakatdagi tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan avtokreditlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 22,8 foizdan 22,3 foizga tushdi. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlarning (mikroqarzlardan tashqari) o‘rtacha foiz stavkasi 22,8 foizni, yuridik shaxslar ulushi esa 22,8 foizni ko‘rsatmoqda.

Bunda eng past avtokredit stavkasi «BRB» tomonidan taklif qilingan bo‘lib, 18,3 foizni tashkil etdi. Bungacha eng kam foiz «Infinbank» (18,5%) tomonidan taklif qilingandi.

Xususan, eng kam foizli avtokreditlar quyidagi banklarda ham kuzatilmoqda:

  • «BRB» – 18,3%;
  • «Davr bank» – 18,6%;
  • «Garant bank» – 19,6%;
  • «Hamkorbank» – 19,8%;
  • «Apex bank» – 20,1%.

Eng yuqori avtokredit stavkasi:

  • «Madad Invest bank» – 27,9%;
  • «Agrobank» – 25,3%;
  • «Turon bank» – 25,1%;
  • «Asaka bank» – 24,4%;
  • «Mikrokreditbank» – 24%.

Markaziy bank izohiga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqaruvchilar yoki dilerlar bilan hamkorlik asosida beriladigan kreditlarda foiz stavkalari pastroq bo‘lishi mumkin. Shuningdek, avtokreditlar bo‘yicha stavkalar avtomobil turi, yoshi, boshlang‘ich badal miqdori va boshqa shartlarga qarab farq qiladi.

Mikroqarzlar

Mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi esa 28,7 foizdan 28,9 foizga oshdi. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlarning (mikroqarzlardan tashqari) o‘rtacha foiz stavkasi 22,8 foizni, yuridik shaxslar ulushi esa 22,8 foizni ko‘rsatmoqda.

Bunda eng yuqori foiz stavkasi quyidagi banklarda qayd etilgan:

  • «Tenge bank» – 42,6%;
  • «Anorbank» – 41,2%;
  • «AVO bank» – 39,9%;
  • «TBC bank» – 38,4%;
  • «Uzum bank» – 38%.

Eng past mikroqarz foiz stavkasi «Aloqabank» (22,6%) tomonidan taklif qilinmoqda. Bundan avval eng kam foiz 23,3% bo‘lib, uni ham «Aloqabank» taklif qilgandi.

Bundan tashqari, eng kam foizli mikroqarzlar quyidagi banklarda ham mavjud:

  • «Aloqabank» – 22,6%;
  • «Milliy bank» – 23,7%;
  • «Infinbank» – 24,4%;
  • «Trast bank» – 24,8%;
  • «BRB» – 25%.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning birinchi choragida O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar hajmi o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 3,9 foizga kamaydi.

MB taqdim etgan statistikaga ko‘ra, 2026-yil yanvar – mart oylarida iqtisodiyotga jami 90 trln so‘m miqdorida kredit yo‘naltirilgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 9,1 foiz o‘sish degani (2025-yilning mos davrida o‘sish 53,7 foiz bo‘lgan). Biroq o‘sish faqat yuridik shaxslar hisobiga ro‘y bergan — ularga berilgan kreditlar 18,6 foizga oshgan. Aholi (jismoniy shaxslar) segmentida esa dinamika manfiy ko‘rinish olib, kreditlash hajmi 3,9 foizga qisqargan.